Xiaomi kompaniyasi taqdim etishga tayyorlanayotgan Redmi 17 4G smartfonining deyarli barcha texnik xususiyatlari internetda tarqaldi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Avvalgi sertifikatlash hujjatlarida smartfonga Snapdragon 6s 4G Gen 2 chipi o‘rnatilishi mumkinligi aytilgan edi. Bunga Redmi 17 4G va hali taqdim etilmagan POCO C95 Pro 4G modellarining GSMA hamda TKDN ma’lumotlar bazalaridagi raqamlari o‘xshashligi sabab bo‘lgan. Biroq yangi sizdirilgan ma’lumotlarda qurilma 12 nanometrli MediaTek Helio G91 Ultra protsessori bilan jihozlanishi qayd etilgan. Kompaniya bu ma’lumotni hozircha rasman tasdiqlamadi.
Redmi 17 4G 6,9 dyuymli tekis ekran olishi kutilmoqda. Displeyning aniqligi 1600 × 720 pikselni, moslashuvchan yangilanish chastotasi esa 120 Hz gacha bo‘ladi. Ekranning odatiy yorqinligi 675 nit, yuqori yorqinlik rejimida esa 825 nitgacha yetishi mumkin.
Panel 8 bitli rang chuqurligi, NTSC rang makonining 83 foizini qamrab olish va DC Dimming texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Displey ko‘k yorug‘lik miqdorini kamaytirish, ko‘zning tabiiy kunlik ritmiga mos ishlash va miltillashning oldini olish bo‘yicha TÜV Rheinland sertifikatlarini olgan.
Smartfon dizaynida Dynamic RGB yoritish tizimi qo‘llanadi, ekran esa Gorilla Glass 7i himoya oynasi bilan qoplanadi. Qurilma yashil, to‘q ko‘k, qora va binafsha ranglarda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Korpus o‘lchamlari 170,12 × 78,42 × 8,8 millimetrni, og‘irligi esa 232 grammni tashkil etadi. IP64 himoya darajasi smartfonni chang va suv sachrashidan asraydi.
Redmi 17 4G 4 yoki 6 GB LPDDR4X operativ xotira hamda 128 yoki 256 GB eMMC 5.1 ichki xotira bilan taklif qilinishi mumkin. Shunday qilib, xaridorlar uchun jami to‘rtta xotira konfiguratsiyasi taqdim etilishi kutilmoqda.
Texnik imkoniyatlar
Qurilmaning asosiy kamerasi 50 Mp aniqlikdagi sensor, besh elementli obyektiv va f/1.8 diafragmaga ega bo‘ladi. Unga yordamchi sensor hamrohlik qiladi. Selfi va videomuloqot uchun old qismga f/2.05 diafragmali 8 Mp kamera o‘rnatiladi. Smartfon soniyasiga 30 kadr tezlikda Full HD video yozishi mumkin.
Modelning asosiy ustunligi 7 500 mA/soat sig‘imli batareya bo‘lishi kutilmoqda. U 45 vattli tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Avvalroq Yevropa Ittifoqining EPREL ma’lumotlar bazasi ham qurilmaning katta sig‘imli batareyaga ega bo‘lishini tasdiqlagan edi.
Redmi 17 4G HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Shuningdek, yon tomonga joylashtirilgan barmoq izi skaneri, sun’iy intellekt yordamida yuz orqali qulfdan chiqarish, ikki diapazonli Wi-Fi va ayrim bozorlarda NFC moduli ko‘zda tutilgan. Smartfonning taqdimot sanasi va narxi hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Qaynoq24.uz Redmi Note 17 Pro smartfoni 299 dollar narxda sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.


