OnePlus kompaniyasining navbatdagi flagman smartfoni — OnePlus 16 haqida yangi norasmiy ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Insayder Debayan Royga ko‘ra, qurilma Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro protsessori, 9000 mA/soat sig‘imli batareya va 200 megapikselli kamera bilan jihozlanishi mumkin.
Kompaniya ushbu xususiyatlarni hozircha rasman tasdiqlamagan.
Smartfonga 1,5K aniqlikdagi tekis OLED ekran o‘rnatilishi aytilmoqda. Displeyning yangilanish chastotasi 185 yoki 240 Hz bo‘lishi, ekran atrofidagi ramkalar qalinligi esa bir millimetrdan kamni tashkil etishi mumkin. Qurilmaning ishlashi hali taqdim etilmagan Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipiga asoslanishi kutilmoqda, biroq protsessorning rasmiy nomi ham hozircha tasdiqlanmagan.
OnePlus 16’ning 9000 mA/soatli batareyasi 100 vattli simli va 50 vattli simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bunday sig‘im amaldagi flagman smartfonlardagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori bo‘lib, qurilmaning uzoq avtonom ishlashiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Kamera tizimi bo‘yicha ikki xil variant ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda. Birinchi variant 200 megapikselli asosiy kamera, 50 megapikselli ultra keng burchakli modul va 50 megapikselli telefoto kamerani o‘z ichiga oladi.
Boshqa variantda esa 1/1,4 dyuymli 50 megapikselli Sony sensori asosiy kamera sifatida ishlatilishi, 200 megapikselli sensor esa periskop telefoto moduliga o‘rnatilishi mumkin. Ayrim manbalarda qurilma ikkita 200 megapikselli kamera olishi ehtimoli ham qayd etilgan. Old kamera 32 megapikselli bo‘lishi kutilmoqda.
Smartfon korpusi IP69 standarti bo‘yicha suv va changdan himoyalanishi, shuningdek, takomillashtirilgan ultratovushli barmoq izi skaneri bilan jihozlanishi mumkin. OnePlus 16’ning taqdimot sanasi, yakuniy texnik xususiyatlari va narxi hozircha ochiqlanmagan.
Qaynoq24.uz OnePlus N6x 31-iyul kuni taqdim etilishi haqida yozgan edi.


