Eron hukumati so‘nggi kunlarda AQShning muzokaralar bo‘yicha taklifiga javob bermaganini ma’lum qildi. Bu haqda Tasnim agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning Eron Vashington bilan muzokaralarni ma’qullashga yaqin ekani haqidagi bayonoti haqiqatga mos kelmaydi.
Tramp avvalroq Eron bilan bog‘liq vaziyat tez rivojlanayotgani va “juda yaxshi” yakun topishi mumkinligini aytgan edi. U eronliklar muzokaralar Eron ichida ma’qullanayotganini bildirayotganini ta’kidlagan. Tasnim esa o‘z manbalariga tayanib, Tehron so‘nggi kunlarda AQShga taklif qilingan o‘zaro anglashuv loyihasi bo‘yicha hech qanday javob bermaganini yozmoqda.
Xabarga ko‘ra, Eron Livandagi vaziyat sabab vositachilar orqali matn almashishni ham amalda to‘xtatgan. Tehron bu jarayon faqat Livan bo‘yicha shartlari bajarilgandan keyin tiklanishi mumkinligini bildirgan. Shu sababli Tasnim Trampning “Eron taklifni ma’qullash jarayonida” degan iddaosini asossiz deb baholadi.
Agentlikka ko‘ra, Eron va Qarshilik fronti Livanda Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarga jim qarab turmasligini ham bildirgan. Hozircha AQSh tomoni Eronning ushbu pozitsiyasiga munosabat bildirmadi. Muzokaralar taqdiri Livandagi vaziyat va tomonlar o‘rtasidagi vositachilik aloqalari tiklanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Qaynoq24.uz AQSh va Eron Fors ko‘rfazida zarbalar almashgani haqida yozgan edi.


