Realme kompaniyasi Hindistonda C seriyasiga mansub yangi Realme C100x smartfonini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Byudjet segmentiga mo‘ljallangan qurilmaning asosiy xususiyatlari 8 000 mA/soat sig‘imli batareya, 120 Hz chastotali ekran va harbiy standartlarga mos mustahkam korpusdan iborat.
Smartfon 6,8 dyuymli HD+ IPS LCD displey bilan jihozlangan. Ekran tasvirni 120 Gts chastotada yangilaydi, sensorli qatlamning javob tezligi esa 240 Gtsgacha yetadi. Displeyning maksimal yorqinligi 900 nitni tashkil etadi. Panda MN228 himoya oynasi ekran yuzasini shikastlanishdan saqlaydi, Rain Touch rejimi esa ho‘l yoki yog‘li barmoqlar bilan ham qurilmani boshqarish imkonini beradi.

Realme C100x sakkiz yadroli Unisoc T7250 protsessori va Mali-G57 grafik tezlatkichida ishlaydi. Qurilma 4 GB LPDDR4X tezkor xotira hamda 64 GB eMMC 5.1 ichki xotira bilan ta’minlangan. Virtual tezkor xotirani kengaytirish funksiyasi mavjud. Alohida microSD uyasi orqali xotira hajmini 2 TBgacha oshirish mumkin.
Smartfonga Android 16 operatsion tizimiga asoslangan Realme UI 7.0 interfeysi o‘rnatilgan. Dasturiy ta’minot tarkibiga tashqi muhitda ekran yorqinligi va ovoz balandligini avtomatik sozlaydigan AI Outdoor Mode hamda signal kuchsiz hududlarda tarmoq barqarorligini yaxshilovchi AI Netpilot funksiyasi kiritilgan. Google Gemini va Circle to Search xizmatlarini quvvat tugmasini bosib turish orqali ishga tushirish mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Qurilmaning orqa tomonida f/1.8 diafragmali 50 megapikselli asosiy kamera joylashgan. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun f/2.2 diafragmali 5 megapikselli old kamera ko‘zda tutilgan. Kamera dasturi portret, tungi suratga olish, panorama, bir vaqtning o‘zida old va orqa kamerada video yozish, obyektlarni tasvirdan o‘chirish hamda surat fonini ajratish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Realme C100x’ning 8 000 mA/soatli batareyasi 45 vattli SuperVOOC tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, smartfon 6 vatt quvvatda boshqa qurilmalarni sim orqali quvvatlay oladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, batareya yetti yil muntazam foydalanilgandan keyin ham dastlabki sig‘imining 80 foizidan ko‘prog‘ini saqlab qoladi.
Smartfon ArmorShell mustahkamlangan korpusiga ega bo‘lib, MIL-STD-810H harbiy chidamlilik standartiga mos keladi. IP64 darajasidagi himoya qurilmani chang va suv sachrashidan saqlaydi. Shuningdek, yon tomonda barmoq izi skaneri, 3,5 millimetrli quloqchin porti hamda bildirishnomalar va quvvatlash holatini ko‘rsatuvchi Pulse Light LED chirog‘i mavjud.
Realme C100x’ning 4 GB tezkor va 64 GB ichki xotirali yagona versiyasi 14 499 rupiyga baholangan. Smartfon Deepblue Tides va Golden Coast ranglarida ishlab chiqariladi. Qurilma Realme rasmiy sayti, Flipkart platformasi hamda Hindistondagi ayrim chakana savdo do‘konlarida sotuvga chiqarilgan.
Qaynoq24.uz Realme Narzo 100x smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.


